Stoitsizm nima?


...

Bir kuni, miloddan avvalgi IV asr oxirida, finikiyalik savdogar Zenon tayron binafsha bo'yog'i bilan to'la yuk bilan O'rta dengizda kemalar orqali yo'lga chiqadi. Bu rang boylar va Qirollik oilasi tomonidan qadrlanib, ular shu rang bilan bo'yalgan kiyim kiyishar, ushbu noyob bo'yoq esa qullar tomonidan dengiz shilliqqurtlari qonidan qiynoq ila ajratib olinar va qadimgi tarixchilardan biri aytganidek, "o'zining vazniga kumushdek mos bo'lgunicha" quyoshda quritilar edi. Bu Zenonning oilaviy savdosi edi. Ular qadimgi dunyodagi eng qimmatbaho tovarlardan birida savdo qilishardi va aksariyat tadbirkorlarda kuzatilgani kabi, ularning ishi kundan-kunga rivojlanib borar edi.

Tayron binafsha bo'yog'i


 O'sha o'ta muhim kunda, Zenon hamma narsasini yo'qotdi. Uning kemasi toshlar orasida halokatga uchradi, u tashiyotgan yuk esa dengiz tubiga g'arq bo'ldi. Halokatga nima sabab bo'lgani haligacha aniq emas, ammo bu baxtsiz hodisa uni ham moliyaviy, ham jismoniy, ham ruhiy jihatdan tamom qildi. Bu hodisa uning hikoyasining oxiri bo'lishi mumkin edi - yo'qotish uni ichishga, hatto o'z joniga qasd qilishga, yoki boshqalarga xizmat qilish bilan o'tadigan tinch oddiy hayotga surgun bo'lishga undashi mumkin edi. Biroq buning o'rniga u tarixdagi eng buyuk intellektual va ma'naviy harakatlardan biri bo'lgan Stoitsizmni yaratadi.

 Zenon keyinchalik bu voqea haqida hazillashib shunday deydi: "Aslida, kemalarim halokatga uchragan kuni, men uchun juda omadli safar bo'lgan".

 Bu hikoyaning takrorlanishi va qayta-qayta eshitilishiga yarasha o'z sababi bor. Balki siz o'z juftingiz bilan ajrashayotgandirsiz. Balki siz hozirgina sessiyadan yiqilgandirsiz. Ehtimol, pandemiya sababli siz o'z sevgan insoningizni yo'qotgandirsiz. Balki, kasallik siz sevgan narsani,- ishingiz, sevimli mashg'ulotingiz, yashash tarzingizni sizdan tortib olgandir.

 Bu yo'qotishlar sizni moliyaviy, hissiy, psixologik jihatdan azoblaydi. Bu Zenonning kema halokatidan keyin qolgan holatidan hech ham farq qilmaydi. Shunga o'xshash sharoitlarda kim bu og'riqni his qilmaydi, deysiz?! Ammo, shunga qaramay, bu kabi beqarorlashtiruvchi hodisalar sizga ijobiy taraflama ta'sir qilishi ham mumkin. Bunday holatlar hayotingizdagi muvozanatni o'z joyidan silkitadi. Sizni o'z "komfort hudud"ingizdan chiqishga majbur qiladi. Bunday holatlar sizni o'zgarishga, hayotga yangicha qarashlar bilan nazar tashlashga  undaydi. "Siz hamma narsani yo'qotgan paytingizdagina, -deydi Tayler Durden "Jang klubi"da- ,sizga barcha imkoniyotlar eshigi ochiladi.”

Kitionlik Zenon

Kitionlik Zenon


Baxtsizlik Zenonni ozod qildi. Hayot undan eskirgan an'analar va oilaviy majburiyatlarini olib tashladi. Albatta, bu Zenonni pulsizlik va muvaffaqiyatsizlikka olib keldi, biroq aynan shu hodisa uni falsafa bilan ham tanishtirdi. Aynan shu hodisa uni, u boshqa usul bilan hech qachon yetib kela olmaydigan, buyuklik yo'liga olib keldi.

Nima bo'lishidan qat'iy nazar, siz bilan yuz bergan eng so'ngi baxtsiz hodisa, siz uchun aynan yuqorida hikoya qilingan voqeaga o'xshash taqdirga aylanishi mumkin. Barchasi o'z qo'lingizda!

P.S. maqola aslida 2020-yilning 6-sentyabrida nashr uchun jo'natilgan.


Tarjimon

Parvinabonu Ubaydova


Havolalar

Bu maqola aslida "Daily Stoic" ning "What is stoicism?" nomli maqolasidan tarjima qilingan.