“Keling, ongimizni hayotning oxirgi nuqtasiga yetganimizdek tayyorlaylik. Keling, hech narsani kechiktirmaylik. Har kuni, hayotning hisoblari borasida o‘zimizga nazar solaylik. Kimki hayotini shunday tarzda yashasa hech qachon ular hayot qisqaligidan shikoyat qilmaydilar.”
- Seneka
Rim g’alabasida, ko’pchilik zafarli urushlardan so’ng oldi tarafda turgan generaldan ko’zlarini uza olmasdi. Qo’mondonning orqasida turgan yordamchi uning qulog’iga: “O’limni eslang”, deb pichirlaginini faqat bit necha kishi payqadi. Shon-shuhrat va g’alaba cho’qqisida aytilgan qanday eslatma!
Aslida biz insonlar shu kabi eslatmalarga juda ham muhtojmiz - lekin negadir ularni e'tibordan chetda qoldiramiz, quloq tutmaslik uchun qo’limizdan kelganini qilamiz va xuddiki bunday eslatmalar bari cho’pchakdek hayot kechiramiz. Ko'pincha, nafsimiz yengil va qulay hayot haqidagi orzularimizga zid bo'lgan, hayot haqiqatini eslatuvchi har qanday narsadan qochadi. Yoki biz hayot haqiqatlariga qanday bo'lsa, shunday qarashdan qo'rqamiz. Va ko'pchiligimiz o'ylashdan va yuzma-yuz qarashdan qo'rqadigan bitta oddiy haqiqat mavjud: Biz bir kun o'lamiz. Atrofimizdagilar ham.
Bunday eslatma va mashqlar o’lim haqida o’ylashning qadimgi amaliyoti hisoblangan “Memento Mori” ning bir qismi hisoblanadi. Va Suqrot, falsafaning to'g'ri amaliyoti "o'lish va o'limdan boshqa narsa emas" degan edi. Ilk buddist matnlarida mashhur atama maranasati mavjud bo'lib, u "o'limni eslash" deb tarjima qilinadi. Ba'zi so'fiylar o'lim va o'lim haqida o'ylash uchun qabristonlarga tez-tez borib kelishganliklari uchun "qabr ahli" deb atalganlar.
Tarix davomida Memento Mori eslatmalari turli shakllarda o’z aksini topdi. Ba'zilari, yuqorida tilga olingan generalning yordamchisi kabi, kamtarin bo’lishga undash maqsadida tilga olingan eslatmalar bo’lsa, boshqa eslatmalar hayotga bo'lgan qiziqishni uyg'otish maqsadida yaratilgan. Misol uchun, yozuvchi Mishel de Monten qadimgi Misr odatini yaxshi ko'rar edi, bu yerda bayram paytida odamlar "Ich va hayotdan lazzat ol, chunki o'lganingda shunday ko'rinishga ega bo'lasan" deb xursandchilik bilan ziyofatga inson skeletini olib chiqishardi.
Biz, zamonaviy dunyo ahli uchun bu dahshatli fikr kabi ko'rinadi. Kim o'lim haqida o'ylashni xohlaydi? Ammo qo'rquv va bu haqiqatni qabul qilishni istamaslik o'rniga, buning aksini qilsak-chi? Agar bu haqiqat ustida fikr yuritish va mulohaza qilish hayotni boricha, undagi barcha imkoniyatlardan foydalangan holda yashashning yoki erkinlikka erishishning oddiy kaliti bo’lsa-chi? Darhaqiqat, Monten aytganidek "O'lim haqida fikr yuritish - bu erkinlikka erishishdir. Qanday o'lishni o'rgangan odam qullikdan o'zini ozod etgan odamdir."
O'zining kundaliklarida Mark Avreliy shunday yozgan edi: "Siz hozir hayotni tark etishingiz mumkinligi haqidagi o’y sizning nima qilayotganingizni, nima deyishingiz va o'ylashingizni belgilab bersin." Boshqacha qilib aytganda, baxtli kunlarimiz kelishini kutmasdan, baxtli va farovon hayot kechirishni hozirdan boshlashimiz kerak. Fransuz rassomi Filipp de Shampan o'zining "Bosh suyagi bilan natyurmort" kartinasida ham xuddi shunday mohiyatdagi his-tuyg'ularni ifodalagan bo'lib, u borliqning uchta muhim jihatini - lola (hayot), bosh suyagi (o'lim) va qum soatini (vaqt) ko'rsatgan. Aslida ushbu kartina “Vanitas” deb ataladigan janrning bir qismi bo'lib, hayotning ma'nosi va o'tkinchiligi haqida fikr yuritishni rag'batlantiradigan o'lim timsollarini o'z ichiga olgan 17-asr san'atining bir shaklidir.
O'lim haqida fikr yuritish, agar siz ushbu g'oyaning asl mohiyatini anglamasangiz, tushkunlikka sabab bo’ladi. Aslida esa, bunday mulohazalar sizga hayotda ustuvor maqsadlaringizni ajratib olish va hayot mazmunini anglashingizga yordam beradi. Bu g’oya orqali avlodlar o’zlarining qanday yashash kerakligi haqidagi shaxsiy qarashlariga ega bo’lishgan va vaqtni juda ham qadrlashgan. Darhaqiqat, o’lim to’g’risida fikr yuritish vaqtimizni sovg'a sifatida qabul qilish va uni arzimas va behudaga sarf qilmaslikka turtki bo’ladi. O'lim hayotni ma'nosiz qilmaydi, aksincha maqsadli qiladi. Ushbu haqiqatni anglashimiz uchun esa o’lim bilan yuzma-yuz kelishimiz shart emas. Shunchaki kundalik eslatmalar bizni o'zimiz xohlagan hayotga yaqinlashtirishi turgan gap. Sizning kimligingiz yoki bajaradigan qancha ishingiz borligi muhim emas, istalgan mashina sizni chorrahada urib yuborishi va hayotingizga nuqta qo’yishi mumkin. Istalgan vaqtda - Bugun, ertaga, yaqin kelajakda.
Stoik bu kabi g’oya va o’y-xayollarni insonni kamtarlashtiruvchi va ruhan tetiklashtiruvchi vosita deb biladi. Zotan, Senekaning tarjimai hollaridan biri "Har kuni o'lish" deb nomlangani ajablanarli emas. Bizni o'lim haqida tez-tez eslashimiz uchun o'zimizga uxlashdan oldin "Ertaga uyg'onmasligim mumkin", va uyqudan uyg’onganda " Mana shu men uchun oxirgi uyqu bo’lgan bo’lishi mumkin" deya tafakkur qilishga undagan mashhur stoik faylasuf ham aynan Senekadir. Mashhur stoiklardan Epiktet ham o‘zining shogirdlariga shunday da’vat qilgan: “O’lim va surgun haqida o’ylar har doim yodingizda bo’lsin, bu orqali sizda hech qachon asossiz fikrlar va ortiqcha orzu-havas bo‘lmaydi”. Ushbu eslatmalardan foydalaning va ular ustida har kuni mulohaza yuriting. Zero, bunday eslatmalar mazmunli hayot kechirishingiz va vaqtingizni har soniyasini qadriga yetishingiz uchun muhim vosita bo’lib xizmat qiladi.
Translator:
Feruza Abdumutaliyeva
Havolalar
Bu maqola aslida "Daily Stoic" websaytining "Memento Mori" nomli maqolasidan tarjima qilingan.