...

Mark Avreliy miloddan avvalgi II asrda Rim imperiyasini mahorat bilan boshqargan beshta imperatorlarning so’nggi vakili hisoblanadi. U davlatni hokimiyat tuzumi va insoniylik an’analariga amal qilgan holda boshqargan kam sonlik davlat arboblaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda biz uni stoiklardan biri sifatida taniymiz va quyida uning o’tkir zakovatiga ishora qilivchi bir qancha ma’lumotlarni keltirib o’tmoqchimiz.

"Ko’ryapsizmi, Hayotda hurmatga sazovor bo’lgan va salmoqli umr kechirish uchun sizdan ko’p narsa talab etilmaydi? Agar buni uddalasangiz, hatto xudolar ham sizga iltijo qilishlari mumkin."

Mark Antoniy Avreliy nufuzli oilada tug'ilishiga qaramay, hokimiyatga uning hech qanday dahli bo’lmagan. Dastlabki ma'lumotlarga ko’ra, uning Rim taxtini egallashi uyoqda tursin, tarixda nom qo’zongan imperatorlardan biri bo’lishi kutilmagan bir hodisa edi. Rim imperatori Adrian o'limi arafasida, davlat boshqaruvi ishlarini boshqa shaxsga topshirishga majbur bo’ladi. O’zining farzandlari bo'lmagani uchun u Lutsiy Seoniyni tanlaydi. Biroq u kutilmaganda Adriandan oldin vafot etadi. Ikkinchi voris esa senator Antoniy Piy bo’lib, u ham farzandsiz edi. Shu sababdan, u Lutsiy Ver va Mark Avreliyni asrab oldi, keyinchalik, uning ismi Mark Avreliy Antoniyga o'zgartirildi.

Adrianning o'limidan so’ng, qo’mondonlikni Antoniy o’z zimmasiga oladi va navbatdagi taxt vorislari sanalmish Mark va Lutsiyning ta'limiga alohida e’tiborini jalb etadi. Mark afinalik mashhur ritorik Gerodos Attik, shuningdek, Markus Frontodan tahsil olgan. 161-yilda Antoniy vafot etganida, Mark va Lutsiy bir vaqtning o’zida “Imperator” deya e’lon qilinadi. Ammo, 169-yilda Lutsiyning ma’lum sabablarga ko’ra vafotidan so’ng, Mark (169-180 yillar oralig’ida) taxtni yakka hokimlikda boshqaradi.

Mark hukmronligida Rim Respublikasi og’ir davrni boshidan o’tkazgan. Negaki, Piy hukmronligining so‘nggi yillarida imperiya har tomondan hujumga uchragan edi va Parfiya bilan bo’lgan urush ham 161-166-yillar oralig’ida davom etgan. Urushda g'alaba qozongan rimliklar o'zlari bilan o'latni olib kelishdi, natijada 5 million odam halok bo'ldi. Gallar Rimning shimoliy chegarasiga, ham Galliya tomondan,ham Dunay daryosi tashqarisidan hujum qildilar. Bu ham yetmagandek, xristianlik dini tobora keng tarqalib, ko'proq siyosiy kuchga ega bo'ldi.

Beshta oqil imperatorning oxirgi vakili bo'lgan Mark Avreliy yer yuzidagi eng qudratli odamlardan biri sanalib, yuksan o’ringa loyiq ekanligini amalda isbotlagan. U istagan narsasiga egalik qilgan, deyarli hech kim unga qarshi chiqishga jur’at topa olmagan. Shunday bo’lsa ham “mutloq kuch parokanda qilar” degan mashhur iborani qoldirgan Mark Avreliy imperiyani oqillik va donolik ila idora etgan.

Bugun bizga uning kundaligi  - "O'zim bilan yolg'iz" (yoki "Meditatsiyalar", ingiliz - "Meditations") nomli asari meros qolgan. Ushbu asar ming yillar davomida erkak-u ayollarga yo'l-yo'riq berib kelgan stoik falsafasining o'ziga xos durdonasidir. “O'zim bilan yolg'iz” nashr etilishga mo'ljallanmagan bo'lsa-da, bugungi kungacha ko’plab nusxalarda chop etilmoqda va juda mashhur. Asar shuni ko'rsatadiki, sayyoradagi eng qudratli odam ham bugun biz duch kelayotgan - ertaga biz kurashadigan muammolarni boshidan o'tkazgan.

“O'zim bilan yolg'izni”ni o'qish orqali biz yaxshiroq inson bo'lishga intilamiz. Muallifning kamtarligi, intizomliligi, mehnatsevarligi, mehribonligi, aql-idroki va fe’l-atvori yaqqol ko‘zga tashlanadi. Biz qiyin pallalarda uning o’z-o’ziga bergan maslahatlarini ko’rib, uning ham zaif tomonlari borligini ilg’aymiz. Ko'p hollarda, Mark Avreliy o’zidagi his-tuyg'ularini dunyo qiyinchiliklaridan ajratish, og'ir damlarda xotirjamlikni saqlash va taqdirga - farovonlik va qashshoqlikka, muvaffaqiyat va muvaffaqiyatsizlikka, hayot va o'limga - teng munosabatda bo'lishni qayta-qayta eslatadi. Biz buning tag zamiridagi falsafani “Stoitsizm” sifatida bilamiz; uni nafaqat Mark Avreliy, balki Seneka, Epiktet, Diogen va boshqalar ham qo'llagan. Mark Avreliy vafot etib, uning o'rniga davomchisi kelganida, Rim tanazzulga yuz tuta boshladi va qayta tiklana olmadi. Uning g'ayrioddiy donoligi hozirda salmoqli o’rinni egallagan.

Mark Avreliydan iqtiboslar

Tongda, to'shakdan turishga eringaningizda, o'zingizga ayting: "Men ishga borishim kerak - inson sifatida. Bu dunyoda menga yuklatilgan vazifani ado etishdan nega shikoyat qilishim kerak - axir shuning uchun yaralmaganmi? Yoki men issiqina ko’rpa tagida yotish uchun yashayapmanmi?

Holatga baho berishdan oldin obyektiv nuqtayi nazar bilan qarash, shu ayni damda. Beg'araz harakat, shu ayni damda. Tashqi omil va hodisalarni to’g’ri va boricha qabul qilish - shu ayni damda. Sizga kerak bo'lgan narsalarning bari shudir.

Ha, qo’lingizdan keladi, agar barcha yumushga umringiz davomidagi so'nggi ishdek yondashsangiz va maqsadsiz tentirashdan to'xtasangiz. His-tuyg'ularingiz fikringiz ustidan hukmron bo'lishiga yo'l qo'ymang, jahl, ikkiyuzlamachilik va xudbinlikka chek qo’ying.

Insonlar hordiq chiqarish uchun qishloqdagi uylar, dengiz qirg'oqlari va tog'lardan makon izlaydilar. Sizga ham bu istaklar tanish bo’lishi mumkin va buning uchun sizdan ko’p narsa talab etilmaydi, nafaqaga chiqsangiz bas. Ammo, unutmang, bu har kimning ham qo’lidan keladi!

Hech narsa hayotda tizimli kuzatuv olib borish va tadqiq qilish qobiliyati kabi ongni rivojlantiruvchi kuchga ega emas.

... aqlning taraqqiy etishi - bu yolg'on va noaniqlikni rad etmoq, xolis va fidokorona ishlarni yagona maqsad qilib qo'ymoq, faqat o'zi nazorat qila oldigan narsalarga talpinmoq, tabiat undan talab qiladigan narsalarni qabul qilmoqni anglatadi.

… oramizdagi eng uzoq va eng qisqa umr ko'rgan insonlar vafot etganida, ulardagi yo'qotishlar teng qiymatga ega. Negaki, har qanday odam mahrum bo'lishi mumkin bo'lgan yagona narsa - bugundir, kechagi kun uniki emas. Zero, bor narsasi shudir, va hech kim unga tegishli bo'lmagan narsasini yo'qota olmaydi.


Tarjimon

Fazilat Kariyeva


Havolalar

Bu maqola aslida "Farnam Streeet" websaytining "Who was Marcus Aurelius?" nomli maqolasidan tarjima qilingan.